"Dinamo" yoki "Buxoro"...

Qiziq, Superligani qaysi jamoa tark etarkin?
Navbatdagi milliy chempionatimiz tugashiga ham sanoqli turlar qoldi. Ayni paytda milliy terma jamoamizni oldinda muhim uchrashuvlar kutib turgani bois Superligada yana tanaffus yuzaga keldi. Yana barchaning e’tibori milliy termaga qaratilmoqda. Noyabr oyining oxirgi haftasida esa bira-to‘la qolgan uchta tur bahslari o‘tkaziladi va shu bilan chempionat bahslariga yakun yasaladi. «Paxtakor»ning chempionlikni qo‘lga kiritgani ancha avval hal bo‘lib ulgurgan. Endi qolgan o‘rinlar uchun kurash kechmoqda. Shuningdek, ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasidagi kurashga ham e’tibor qaratiladi. Aslida esa bu har yili yuz beradigan holat va bu odat tusiga kirib qolgan. Bungacha Superligada qolish uchun kurashayotgan da’vogarlar soni bir nechtani tashkil qilib kelayotgandi. Turdan-turga esa ularning soni qisqarib boraverdi. Ayni paytga kelib Superligada qolish uchun asosiy kurash «Dinamo» bilan «Buxoro» o‘rtasida kechishi oydinlashib qolmoqda. Boisi, Samarqandning «Dinamo» klubi 18 ochko bilan oxirgi o‘rinda bo‘lsa, «Buxoro» 19 ochko bilan 13-o‘rinda. 12-o‘rindagi «Qizilqum»ning hisobida esa 23 ochko bor. Shunday ekan, mavsum tugashiga uchta tur qolganini inobatga olsak, katta ehtimol bilan «Buxoro» yoki «Dinamo» pro-ligaga ravona bo‘lishi haqiqatga yaqinroqdek…
Agamurodovning «Dinamo» xaloskoriga aylanishi qiyin shekilli…
Yaqqol autsayder bo‘lib turgan «Dinamo» ikkinchi davra boshlanganidan buyon barcha raqiblariga yutqazib kelmoqda. Ochig‘i, mag‘lub bo‘laverib, bundan «charchamadimikin» deb o‘ylanib qolamiz. Klub birinchi davrada yaxshi taassurot qoldirdi va bir qator kutilmagan natijalari bilan ajralib turdi. Go‘yoki, boshqalarning ko‘ziga «chaqilmas yong‘oq»dek ko‘rindi. «Dinamo» xuddi ertak olamiga tushib qolgandek edi go‘yo…O‘shanda sobiq bosh murabbiy Davron Fayzievning o‘rtamiyona, kamtarona tarkib bilan raqobatbardosh jamoani shakllantira olgani haqida ko‘p gapirilgandi. Chindan ham samarqandliklar hammani hayron qoldira olgandi. Shu sababli «Dinamo» o‘zidan bir bosh baland sakrashga uringandek edi. Ammo ikkinchi davraga kelib xuddiki hammasi o‘z izmiga tushgandek tasavvur uyg‘otmoqda.
agamurodov
Ma’lumki, mavsum boshida bu jamoa qo‘shimcha imtiyoz evaziga mavsum boshlanishiga yaqin qolganda Superligaga qo‘shilgandi. O‘shanda ko‘pchilik ularni ligadan tushib ketish uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida tilga olishgandi. Boya aytganimizdek, birinchi davradagi ko‘rsatgan o‘yinlari va qayd etgan natijalaridan keyin ularga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib ketgandi. Lekin o‘shanda go‘yoki o‘yinning birinchi bo‘limi tugagandi va oldinda hali ikkinchi bo‘lim turgandi. Buni aynan «Dinamo»ning misolida aytishimiz mumkinki, ularni oldindan qiyin o‘tishi kutilayotgan ikkinchi davra kutib turgandi. Negadir hal qiluvchi bosqich arafasida ham o‘sha tarkibga ishonib qolishdi. Yangi futbolchilar yordamida jamoa kuchaytirilmadi. Oqibatda hali ham birinchi davradagi 18 ochko samarqandliklar uchun oxirgisi bo‘lib turibdi va bu ketishda ular yana pro-ligaga ravona bo‘lishlarining ehtimoli katta. Orada esa Davron Fayziev ishdan ketdi va o‘rniga tajribali Tachmurod Agamurodov taklif qilindi. Shunga qaramay, jamoa natijalari hamon o‘sha-o‘sha, hech nima o‘zgargani yo‘q. Aftidan, unga jamoani o‘nglashi qiyin bo‘lyapti shekilli. «Dinamo»ning oxirgi uchta turdagi raqiblariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 24-turda Bekobodda «Metallurg» bilan kuch  sinashadi. So‘ng o‘z maydonida «Surxon»ni qabul qilsa, mavsumning oxirgi turida Qarshida «Nasaf» mehmoni bo‘ladi. «Dinamo» esa Superligada qolishi uchun uchta o‘yinda 100 foizlik natija ko‘rsatishi kerak va shunda ham ular «Buxoro»ning qayd etadigan natijalari ham hisobga olinadi.
Muhammadiev mag‘lubiyat uchun yana bahona topyapti…mi?
Tojikistonlik Muhsin Muhammadiev «Buxoro»da ish boshlagach, uning asosiy vazifasi jamoani Superligada saqlab qolish edi. Hozircha uning klubdagi ishlarini silliq kechyapti deb ayta olmaymiz. Ular «Dinamo»dan faqat bir ochko ko‘p to‘plashgan xolos. Shu bois buxoroliklar ham Superligadan tushib ketish xavfi ostida turibdi. Ochig‘in aytganda, tojikistonlik mutaxassis jamoa o‘yinida jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshira oldi deb ayta olmaymiz. Agar nimanidir o‘zgartirib yuborganida «Buxoro» hozir 13-o‘rinda bo‘lmasdi. Buning ustiga Muhammadiev yutqazgan o‘yinlarida o‘z aybini tan olmasdan ko‘proq boshqa bahonalar qidirib topishi bilan ham ajralib turibdi. Masalan, bungacha mag‘lub bo‘lgan o‘yinlarida maydonlarning sifatidan noligan holda go‘yoki yutqazganiga maydonning yaxshi emasligini ro‘kach qilgandi. Lekin 23-turda «Buxoro» o‘z uyida yaqin raqobatchisi «Qo‘qon-1912»ga yutqazib qimmatli ochkolarni boy berdi.
muxammadiev_2
Buni qarangki, «Buxoro»ning maydoni ham nobop ahvolga kelib qolganini ko‘rish mumkin. Muhammadiev o‘zi aytganidek, bunday maydonda futbol o‘ynashning o‘zi mashaqqat. Ammo taqdir taqozosi bilan «Buxoro»ning maydoni ham shunday ahvolga kelib qolibdi. Lekin bu borada tojikistonlik murabbiy lom-lim demadi, aksincha mag‘lubiyat uchun boshqa sabab aytdi. Ya’ni, Buxoro Davlat Universiteti jamoasida futbolchisi o‘ynayotgani va u «Buxoro»ga etishmagani borasida fikr bildirgan. Lekin bunisi endi ortiqcha. Murabbiy hadeb boshqa sabablarni qidirib topmasdan o‘z jamoasi haqida ko‘proq qayg‘urishi lozim. Birovlarning maydonlarini yomonlagandan ko‘ra o‘z maydoniga e’tibor bersin, jamoa o‘yinini kuchaytirish haqida o‘ylasin. Agar o‘z uyida «Qo‘qon-1912»ni yutganida ulardan o‘tib ketgan bo‘lardi. Ammo endi buxoroliklar uchun vaziyat yanada jiddiylashdi.
«Buxoro» 24-turda «Qizilqum» mehmoni bo‘ladi, so‘ngra «Metallurg»ni qabul qiladi. Oxirgi turda esa AGMK vakillarini qabul qiladi. Ko‘rib turganingizdek, ular oxirgi uchta o‘yindan ikkitasini o‘z maydonida o‘tkazishadi. Bu borada ularning «Dinamo»ga qaraganda imkoniyati yaxshiroqdek. Biroq buxoroliklar bundan qanchalik darajada foydalana olisharkin? Shunday ekan, oxirgi uchta tur «Dinamo» va «Buxoro» uchun hayot-mamot jangidek ahamiyatga ega.
 

08.11.2019, 21:16 1 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish