Alisher Shog‘ulomovning 25 yoshida butsalarini mixga ilishga nima majbur qildi?

Alisher Shog‘ulomov o‘zini murabbiylikka bag‘ishlamoqchi va Gollandiyada malaka oshirishni rejalashtirmoqda.
Iqtidorli hujumchi Alisher Shog‘ulomov oxirgi paytlarda hech qaerda ko‘rinish bermayotgandi. Bungacha esa u «Lokomotiv» klubida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. Ammo shunda ham futbolchini maydonda kam ko‘rayotgandik. Ochig‘i, Shog‘ulomovda iqtidori bo‘lsa-da, negadir o‘ynayotgan jamoalarida o‘z o‘rnini topa olmadi. Oxirgi ma’lumotga ko‘ra ushbu o‘yinchi 25 yoshidayoq butsalarini mixga ilishga qaror qilibdi. Qiziq, futbolni bu qadar erta tugatishiga nima sabab bo‘ldi? Ayni paytda esa u «Oq-tepa» jamoasida ishlayotgani ham ma’lum bo‘ldi. Shu boisdan kuni kecha o‘zi bilan bog‘landik.
- «Oq-tepa» klubida ish boshlaganingiz haqida eshitdim. Futbolchilik faoliyatingizni tugatishingizga nima majbur qildi?
- To‘g‘risini aytsam, faoliyatimni tugatishimga jiddiy sabab bo‘lgani yo‘q. Asosiy tarkibda ikki yildan beri o‘ynamayotgandim. Mening tushuncham shunday: futbolchi o‘ynaganga yarasha a’lo darajadagi o‘yinchi bo‘lishi kerak va doim kuchli klublarda to‘p surishi lozim. Oxirgi paytlarda esa yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadim. Natijada o‘zimning o‘yinimdan qoniqmay kelayotgandim. Hammasini o‘ylab ko‘rgach, futbolchilik faoliyatimni yakunlashga qaror qildim.
- Bunday qarorga kelishingizga kimdir turtki berdimi yoki…
- Yo‘q, bu shaxsiy qarorim bo‘ldi. «Lokomotiv» jamoasida asosiy tarkib o‘yinchisiga aylana olmadim. Shu bois o‘zimdan-o‘zim xafa bo‘ldim desam ham bo‘ladi. Balki murabbiyning qarashlari boshqacha bo‘lgandir. Oxirgi ishlagan murabbiyim Andrey Fyodorov bo‘ldi. Lekin men uni a’lo darajadagi murabbiy deb hisoblamayman. Yaxshi bilasiz, o‘zimizning «Oq-tepa» jamoamiz bor va dadam ushbu klubning prezidenti. Men esa bevosita dadamga yordamchi bo‘lib ishga o‘tdim.
- «Lokomotiv»da bo‘lmasa, balki boshqa klubda imkoniyatlaringizni namoyish etishingiz mumkin edi-ku. Bunday istagingiz yo‘qmidi?
- Mening tarbiyam va harakterim shunaqa-da, o‘ynagandan keyin albatta yaxshi jamoada to‘p surish kerak. Vadim Abramov o‘z intervyusida 25 yoshimda terma jamoada o‘ynay olmasligimni bilganimdan so‘ng futbolchilikni tashlaganman deb aytdi. Men ham uning gaplariga qo‘shilaman hamda u bilan qarorimiz bir xil bo‘ldi.
- Ko‘pchilik faoliyatingizni tugatganingizni va «Oq-tepa»da ishlayotganingizni hali bilishmaydi. Bu jamoada qanday ishlar bandsiz?
- Yaqin orada murabbiylik litsenziyalariga o‘qish niyatim bor. Kelajakdagi maqsadlarim esa katta. Xudo xohlasa, Gollandiyaga borib murabbiylik kurslarida o‘qimoqchiman. Adashmasam, bizda hali murabbiylarimiz xorijda o‘qishmagan. Nasib qilsa, qishda «Ayaks» klubida malakamni oshirishni rejalashtirib turibman. Bundan buyog‘iga umrimni murabbiylikka bag‘ishlamoqchiman.
- Xo‘sh, unday bo‘lsa, shu paytgacha bosib o‘tgan yo‘lingizga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Futbolchilik hayoti juda ham ajoyib. Chunki inson yaxshi ko‘rgan ishi bilan mashg‘ul bo‘ladi va buning ortidan pul topadi. Umuman olganda, futbolchilikda o‘ziga yarasha hissiyotlar bo‘ladi. Mening xulosam bo‘yicha, futbolchilikdan ko‘ra murabbiylikda o‘qib, izlansam futbolimiz uchun ko‘proq foydam tegadi deb o‘ylayman. Bu borada esa yangilik olib kirmoqchiman. Baribir xorijda futbol saviyasi boshqacha. Vaholanki, ularda ham bizdagi kabi insonlar ishlashadi. Lekin u erlarda futbolni boshqacha o‘rgatishadi.
- Faoliyatingizni bu qadar erta tugatganingizdan qachondir afsuslanib qolmasmikansiz?
- Balki afsuslanarman. Lekin men futboldan butunlay ketganim yo‘q-ku. Mening hali futboldagi maqsadlarim katta.
- Faoliyatingizda barqarorlikni ushlab qolish siz uchun qiyin kechgandek…
- Buning hammasi o‘zimning aybim deb o‘ylayman. Balki yaxshi mashg‘ulot qilmagandirman. Bilaman, yoshligimdan ancha qiziqqon bo‘lganman va tezda jaxlim chiqardi. Shuning uchun bir qator murabbiylar bilan gap talashganman. Bularning hammasi men uchun minus bo‘ldi deb o‘ylayman. Agarda 16-17 yoshimda shu narsalarni o‘ylaganimda va bilganimda edi, hozir umuman boshqacha saviyada o‘ynayotgan bo‘lardim. Hammasiga o‘zim aybdorman. Boya aytganimdek, endi o‘zimni murabbiylikka bag‘ishlayman va bu yo‘ldagi rejalarim katta. Bizga chetdan mutaxassislarni olib kelishyapti. Mana, «Paxtakor», «Navbahor», «Buxoro» kabi klublarda xorijlik murabbiylar ishlashyapti. Lekin o‘zbek murabbiylari ham aslida ulardan kam emaslar. Faqat ko‘proq o‘qish va izlanish kerak. Hamma narsaga o‘zimiz erisha olamiz.
- Futbolchilik faoliyatingizni boshidan boshlash imkoniyati taqdim etilganda birinchi navbatda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
- 14 yoshimda Polshaning «Legiya» jamoasiga borganman. O‘shanda murabbiylar o‘yinimni yoqtirishib, meni klubda olib qolishmoqchi bo‘lishganida qolmasdan qaytib kelganman. O‘shanda men uchun juda yaxshi imkoniyat edi. Hattoki, menga o‘shanda pul ham berishgan. Lekin meni pul unchalik qiziqtirmasdi. Yaxshi saviyadagi jamoaga borgandim. «Legiya»ning yoshlar jamoasida o‘zimni ko‘rsatganimdan keyin menga shartnoma taklif qilishgandi.
- Nima uchun rozi bo‘lmagansiz?
- U paytda yosh edim va hayotim O‘zbekistonda bo‘lishini xohlaganman.
- Darvoqe, yaqinda O‘FA kelishilgan o‘yinlar va totalizatorga qarshi surishtiruvlar natijasiga ko‘ra «Oq-tepa»da ishlagan murabbiy Yaroslav Krushelnitskiyni diskvalifikatsiya qildi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Dadamning futbolga bo‘lgan qiziqishi baland. Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi yutqazadigan bo‘lsa, hech kim bilan gaplashmaydi, tushkunlikka tushib qoladi. O‘zining jamoasi – «Oq-tepa» yutqazganida ham qon bosimlari oshib ketadi, juda qayg‘uradi. Men esa hammasini ko‘rib turibman va bu jamoada murabbiylarning qilayotgan ishlari ham yoqmayotgandi. Jamoa esa yutqazayotgandi. Shu bois dadamning yoniga kelib, yaqindan yordam berishga harakat qilyapman. Hozircha natijalar yomon emas, beshta o‘yinda beshta g‘alaba bo‘ldi. Jamoamizda esa Ravshan Bozorov bosh murabbiy. Faqat sog‘ligida biroz muammolar borligi tufayli ishga kela olmayotgandi. Unga Saidkomil Akbarmov yordam beryapti.
 

14.08.2019, 10:11 59 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish