Yozda hammadan ko‘proq pul sarflagan 10ta klub

Transferlar darchasi hali yopilmadi, ammo ko‘plab klublar tarkibini yangilab, mavsum oldidan yakuniy ko‘rinishga keltirishga ulgurdi. Ayniqsa bu Angliya klublariga tegishli, Tumanli albionda chempionat shu uik-enddayoq start oladi va shundan keyin bu klublar futbolchi sotib ololmaydi. Quyida yozgi transferlar boshlanganidan buyon yangi futbolchilar uchun eng ko‘p pul safrlagan 10 klub keltiriladi, bu klublar jami bo‘lib 1,5 mlrd evrodan ko‘proq pul sarflashgan. Bu ro‘yxatdagi ayrim nomlar futbol muxlislarini hayron qoldirishi ham mumkin.
10. «Arsenal», 117 mln evro
Kutilmagan holat: «Arsenal» va qimmatbaho xaridlar? Ammo londonliklar ham katta xarajat qila olarka, buni «Lill»dan 80 mln evroga sotib olingan Nikolya Pepe transferi isbotladi. Bu kelishuvning moliyaviy jihatlari to‘liq oshkor etilmadi, ammo bu pul frantsuzlarga bir necha yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. «Real»dan Dani Sebalosning ijaraga olinishi ham tarkibni jiddiy kuchaytirdi. Yana 30 million evro Vilyam Saliba uchun sarflandi, ammo o‘ng qanot himoyasida harakatlanuvchi bu futbolchi oldindagi bir mavsumni o‘zining sobiq klubi «Sent-Eten»da ijara asosida o‘tkazadi. Jamoaga hali yana himoyachi kerak, ikkita bo‘lsa yana yaxshi. Klubning faxriy futbolchilaridan biri, sardor Loran Koselni «Bordo»ga o‘tmoqda, shuningdek, Shkodran Mustafi ham klubni tark etishi mumkin.
9. «Bavariya», 118 mln evro
«Bavariya»ning ziqna xo‘jayinlari ham pul sarflashga kirishdi va myunxenliklar ko‘p pul sarflaydigan klublar reytingidan joy oldi. Robben va Riberining ketishi bunga asosiy sabablardan biri, ularning o‘rnini to‘ldirish va yangi davrga qadam qo‘yish kerak, hozircha myunxenliklar hujumida qanotlarda faqat Kingsli Koman va Serj Gnabri bor. Lekin mudofaa chizig‘i jiddiy kuchaytirildi: Benjamen Pavar 35 mln evroga, Lyuka Ernandes 80 mln evroga sotib olindi, ular kamida Dortmundning «Borussiya» klubiga qaytgan Mats Hummels o‘rnini to‘ldirishi, maksimum esa – Kimmix va Alaba jarohat olgan taqdirda, ularning o‘rnini yopishi talab etiladi. Yangi futbolchilar markazda ham, qanotlarda ham harakatlana olishadi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, klub qanotni kuchaytirish uchun «Manchester Siti» vingeri Leroy Saneni sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Agar bu transfer amalga oshsa, myunxenliklar mazkur ro‘yxatning yuqori qismiga joylashadi: «Manchester Siti» o‘zining germaniyalik futbolchisini faqat 120 mln evrodan ko‘proq narxga sotishga rozi bo‘ladi.
8. «Sevilya», 124 mln evro
«Sevilya» — odatda o‘z futbolchilarini qimmatga sotib olib, kuchsiz chempionatlardan arzonroq futbolchilar sotib olish bilan shug‘ullanadigan klublardan biri edi. Ammo hozir klubda global qayta qurish davri ketmoqda: klubga sport direktori Monchi qaytgan, Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Xulen Lopetegi klub boshqaruviga olib kelingan, tarkib esa radikal darajada o‘zgarmoqda. Asosiy sotuvlar: Promes, Sarabiya va Muriel birgalikda klubga 50 mln evroga yaqin mablag‘ keltirdi. Endi xaridlar haqida: chap qanot vingeri Lukas Okampos (15 mln evro), ikki nafar markaziy hujumchi – Lyuk de Yong va Munas Dabbur (15 va 12 mln evro), Xitoydan Nemanya Gudel erkin agent sifatida keldi, o‘z vaqtida «Siti»da o‘ynagan Fernando 5 mln evroga transfer qilindi. «Sevilya»ning transfer strategiyasidagi jiddiy o‘zgarishni payqash qiyin emas: endi klub tajribali futbolchilarga ishonch bildirmoqda. Ammo talantli va yosh futbolchilar ham transfer qilindi: ikkita yosh markaziy himoyachi («Bordo»dan Jyul Konde va «Ayaks»dan Maks Veber uchun 35 mln berildi. Umuman, «Sevilya» ko‘p pul sarfladi va yangi tarkibga ega bo‘ldi. Bu tarkib qanday o‘ynarkan?
7. «Borussiya Dortmund», 127 mln evro
Bundesliganing o‘tgan mavsumida «Borussiya» «Bavariya» bilan oxirigacha sovrin uchun kurashdi: kurash boy berildi, ammo g‘alaba yaqin edi. Aftidan, dortmundliklar, yangi mavsumga yanada kuchli tarkib bilan kirib borishmoqchi. Buning uchun «Bavariya»dan Hummelsni 30 mln evro evaziga qaytarishdi – bu futbolchi jamoa etakchisi bo‘la oladi. Himoyaning chap qanoti uchun «Hoffenhaym»dan Niko Shults olib kelindi. Yulian Brandt va Torgan Azar ham jamoa bosh murabbiyi Lyusen Favrga tarkibda ko‘proq imkoniyatlar taqdim etadi, ichki chempionatdagi raqiblardan («Bayer» va «Borussiya» M) xarid qilingan bu futbolchilar uchun jami bo‘lib 50 mln evro to‘landi – bu transferlarni yozning omadli transferlari sifatida baholash mumkin, axir bu yozda «MYu» ikki himoyachi Uan-Bissaka va Harri Maguayr uchun jami 137 mln evro sarfladi. Dortmundning jiddiy sotuvlari orasida bitta nomni tilga olish mumkin: Abdu Diallo «PSJ»ga 30 million evroga (Hummels uchun shuncha sarflangandi) sotildi.
6. «Aston Villa», 149 mln
APLga qaytgan bu klub juda ko‘p pul sarfladi va deyarli bir jamoa sotib oldi. Avval ham shunga o‘xshash ish sodir bo‘lgandi - «Fulhem»da bu ish o‘xshamagandi, «Aston Villa» esa londonliklarning o‘tgan yilgi xaridlarini katta farq bilan ortda qoldirdi. 149 mln evro – hatto APL uchun ham katta miqdor, ammo bu pullar 12 nafar futbolchi uchun sarflangan. Lekin, birmingemliklarning yangi xaridlari yangi mavsumda o‘zini ko‘rsatishi ham mumkin. «Bryugge»dan Uesli sotib olindi — u jamoaning asosiy forvardi bo‘ladi (chempionshipda o‘tgan mavsumda bu rolni bajargan va klub to‘purari bo‘lgan Temmi Abraham «Chelsi»ga qaytdi), bu futbolchi uchun belgiyaliklarga 25 mln evro to‘landi. Shuningdek, markaziy himoya chizig‘iga bir necha futbolchi sotib olindi. Born Engels, Kortni, Haus, Ezri Konsa uchun jami 25 mln evro sarflandi, yana 25 mln evroga Tayron Mings sotib olindi. «Bornmut» futbolchisi bo‘lgan bu tayanch yarimhimoyachisi so‘nggi bir yarim yilni «Aston Villa»da ijara asosida o‘tkazgandi. Shuningdek, «Manchester Siti»dan Duglas Luis (18 mln), «Bryugge»dan Marvelos Nakamba (12 mln) sotib olindi, ular yarimhimoya markazini mustahkamlashi kerak, Trezege va Xota – hujum qanotlari uchun. Klubda yangi darvozabon ham paydo bo‘ldi: 33 yoshli Tom Hiton 9 mln evro evaziga «Byornli»dan sotib olindi, holbuki klubda asosiy tarkib uchun da’vogar bo‘lgan yana ikki darvozabon bor edi: Oryan Nuland va Lovre Kalinich. Bosh murabbiy Din Smitga savol: shuncha futbolchiga maydonning qaeridan joy topib beriladi. Chempionshipdan o‘tish o‘yinlari orqali APLga chiqqan «Aston Villa» birorta futbolchi sotmadi.
5. «Yuventus», 151 mln evro
Italiya chempionlari muammo bo‘lgan pozitsiyalarni birma-bir yopishdi. Yarimhimoya chizig‘iga Aaron Remsi va Adrien Rabo tekinga olib kelindi (to‘g‘ri, ularning ikkisi ham juda katta maosh olishadi), himoya markazi esa Mateys de Ligt bilan kuchaytirildi – «Ayaks»ning 19 yoshli sardori mavsum kashfiyotlaridan biri bo‘lgandi va uning uchun turinliklar 85 mln evro to‘lashdi. Katta mablag‘, ayniqsa Mino Rayola uchun komissiya to‘lovlari ham qo‘shilsa. «Yuve»ning boshqa yangi xaridlari — Luka Pellegrini, Merix Demiral va Kristian Romero – jami bo‘lib 66 mln evroga tushdi, lekin ularga asosiy tarkibdan joy topilmasa kerak. Ammo «Yuve»ni xarajatlar uchun tanqid qilishga shoshilmaslik kerak: ular futbolchilarini omilkorlik bilan sotishmoqda ham. Leonardo Spinatstsola «Roma»ga, Stefano Sturaro «Jenoa»ga, Rikardo Orsolini «Bolonya»ga, Emil Audero «Sampdoriya»ga, Alberto Cherri «Kalyari»ga — nomlar jarangdor emas, ammo bu sotuvlar «Yuve»ga 100 mln evro mablag‘ keltirdi! Bularga 29 mln evro evaziga «Everton»ga transfer qilingan Moyze Kinni qo‘shish mumkin. Bu umidli futbolchi arzonga ketgandek ko‘rinmoqda, ammo bu transfer evaziga «Yuventus» transfer balansga erishdi va moliyaviy feyr-pley tufayli muammolarga duch kelmaydigan bo‘ldi.
4. «Manchester Yunayted», 159 mln evro
Uch nafar britaniyalik futbolchi, ular orasida bitta ham superyulduz yo‘q. Deniel Jeyms 17 mln evro evaziga «Suonsi»dan, Aaron Uan-Bissaka 55 mln evro evaziga «Kristal Pelas»dan, Harri Maguayr esa 87 mln evro evaziga «Lester»dan xarid qilindi: «Manchester Yunayted» o‘z tarixidagi transferlar rekordini yangiladi. Bir yil muqaddam Joze Mourino Maguayrni sotib olmoqchi bo‘lgan, o‘shanda bu futbolchi uchun 60 mln evro so‘rashgandi. Ammo bu «MYu»ning uslubiga aylanib bormoqda — klub kerakli futbolchilar uchun o‘z narxidan ko‘proq to‘lashga majbur. Klub kattagina mablag‘ sarfladi, endi yangi forvard olib kelish uchun Romelu Lukakuni sotish kerak: belgiyalik futbolchi Sulsherning rejalariga kirmagan. Klub sotuvdan pul ishlamagan: Errera va Valensiya erkin agent sifatida klubni tark etishgan.
3. «Atletiko», 244 mln evro
Shartnomasida ko‘rsatilgan 126 mln evro to‘lab olib kelingan Joau Felish – «Atletiko»ning asosiy xaridi bo‘ldi. Bu madridliklar Antuan Grizmann uchun «Barsa» to‘lagan mablag‘dan (bu ham shartnomadagi badal puli edi) 6 mln evroga ko‘p. Ha, frantsiyalik futbolchi uchun badal puli kam belgilangandi. Ammo «Atletiko»ning o‘zi ham boshqa futbolchilarni nisbatan arzon narxlarda xarid qildi. «Portu»dan Ektor Errera — tekinga keldi, «Tottenhem»dan Kiran Tripper — 30 mln evroga sotib olindi. Yosh qanot himoyachisi Renan Lodi Braziliyadan 20 mln evroga, «Real» yarimhimoyachisi Lorente 30 mln evroga sotib olindi. Ikki nafar markaziy himoyachilar — Ermoso («Espanol») va Felipe («Portu») erkin agent sifatida Milanga yo‘l olgan Godinning yo‘qligini bilintirmasligi kerak – klub ikki futbolchi uchun jami 40 mln evro to‘ladi. Endi asosiysi: shuncha xaridlardan keyin ham «Atletiko» minusga kirgani yo‘q, balki foyda bilan chiqdi. Qanday qilib? Shunchaki sotuvdagi futbolchilarga qarang. Atigi uch futbolchi: Grizmann, Rodri va Ernandes – ular klubga sarflanganidan ko‘proq mablag‘lar keltirdi — 270 mln evro. Bunga Lusiano Vetto va Jelsona Martinsh transferidan tushgan mablag‘larni ham qo‘shish mumkin.
2. «Barselona», 255 mln
«Atletiko»dan farqli ravishda, «Barsa» sotuvlari evaziga plyusga kirmadi. Asosiy muammo: Filippe Koutinoga xaridor yo‘q. Klub uni sotishga urinmoqda, ammo natijasiz. Lekin boshqa futbolchilar transferidan ma’lum miqdorda mablag‘lar ishlandi: Malkom (40 mln evroga «Zenit»ga), Sillesen (35 mln evroga «Valensiya»ga), Gomesh (25 mln evroga «Everton»ga), Denis Suares (13 mln evroga «Selta»ga) va Alkaser (21 mln evroga «Borussiya»ga) pullandi. Bu sotuvlar klub xazinasiga jami bo‘lib 126 mln evro keltirdi, ammo bu miqdor xarajatlarni qoplay olmaydi. Chunki «Barsa» ikki nafar yulduz futbolchi sotib oldi, Frenki de Yong va Antuan Grizmann transferi jami 200 mln evroga tushdi. Qolaversa, «Barsa» boshqa transferlar ham amalga oshirdi: «Valensiya»dan darvozabon Netu (klublar Netu va Sillesenni almashishdi, ammo ikki tomon ham bir biriga 35 mln evrodan to‘ladi), «Betis»dan himoyachi Junior Firpo (26 mln evro) sotib olindi.
1. «Real», 303 mln evro
Uchlik ispan klublaridan iborat. Faqat xarajatlarni emas, sotilgan futbolchilardan tushgan mablag‘lar ayirib tashlanganida ham «Real» — eng ko‘p xarajat qilgan klub hisoblanadi. Eden Azar uchun 100 mln evro to‘landi – belgiyalik futbolchining «Chelsi» bilan atigi bir yillik shartnomasi qolgan bo‘lgani nazarda tutilsa ham, madridliklar uchun bu zo‘r va foydali transfer bo‘ldi. Lekin boshqa futbolchilar uchun sarflangan pullarni adolatli deyish qiyin. Ferlan Mendi uchun «Lion»ga 50 mln evro sarflandi – u asosiy tarkib uchun Marselo bilan raqobatlashishi kerak. «Santos»dan olib kelingan Rodrigo 45 mln evroga tushdi, bu xarid istiqbol uchun. Eder Militao «Portu» xazinasini 50 mln evroga boyitdi, Luka Yovich transferidan esa «Ayntraxt» — 60 mln evro ishlab oldi, holbuki nemislar klubi uni «Benfika»dan atigi 7 million evroga sotib olgan. Besh nafar yangi futbolchi uchun 300 mln evro.
«Real» futbolchilarini sotdi ham: Teo Ernandes («Milan») va Raul De Tomas («Benfika») klubga 20 mln evrodan keltirdi, Lorente uchun «Atletiko» 30 mln evro to‘ladi, «Chelsi» esa Kovachichni 45 mln evroga sotib oldi. Ammo klub hali Pol Pogbani sotib olishi mumkin va moliyaviy feyr-pley bo‘yicha muammoga duch kelmaslik uchun yana futbolchi sotish kerak. Klubdan ketishga eng asosiy da’vogarlar Xames va Beyl. Ammo ularning birinchisi uchun so‘ralayotgan narxni hech kim to‘lashni istamayapti, ikkinchisini esa hech kim o‘z safiga qo‘shib olishni istamayapti. Lekin Ispaniyada transferlar darchasi sentyabrgacha ochiq va «Real»da hali o‘zgarishlar bo‘lishi aniq.
Manba: tribuna.uz

06.08.2019, 18:04 192 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish