Yuksak parvozi uzoqqa cho‘zilmagan Rim «Burgutlari» haqida

Shubhasiz, o‘tgan asrning so‘ngi yillari «Latsio» tarixidagi eng yaxshi davr hisoblanadi. Serdjo Kranotti Boshchiligidagi «Cirio» kontserni jamoa homiyligini qo‘lga olgan va superklub tuzish yo‘lida shahdam qadamlar tashlayotgandi. Kranotti jamoadan pulni ayamas, o‘sha davr transfer bozrini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlardi. Shu o‘rinda, o‘sha yillarda amalga oshirilgan «Latsio» tarixidagi eng qimmat transferlar haqida so‘z yuritamiz:
1.Ernan Krespo (2000 yil. 56,8 million evro). 1996 yilgi «Atlanta» olimpiadasi kashfiyoti «Parma» tarkibiga kelib qo‘shilgan va italiyada o‘z mavqeyiga ega bo‘lib ulgurgandi. Kubok egalari kubogi (1999) va milliy chempionat (2000 yil) g‘olibligini qo‘lga kiritgan «Burgutlar» rahbariyati argentinalik hujumchi uchun rekord summa ajratgandi. U «Inter»ga o‘tib ketgan Kristian Verining o‘rnini to‘ldirishi kerak edi. Amalda shunday ham bo‘ldi. Biroq, bu kabi katta summalarni o‘ylab o‘tirmay futbolga yo‘naltirayotgan «Cirio» kontserni 2002 yilda o‘zini bankrot, deb e’lon qildi. Oqibatda, Krespo ham shu yili «Inter»ga o‘tib ketdi.
2.Gaiska Mendeta (2001 yil. 48 million evro). «Latsio» rahbariyati Ektor Kuper bilan «Valentsiya»da mo‘’jizalar ko‘rsatgan «Ko‘rshapalak»ni «Burgut»ga aylantirishga qaror qildi. Jamoada bir yil to‘p tepgan Mendeta iqtisodiy inqiroz yillarida «Barselona» va «Midlsbro»da ijara asosida o‘ynadi. Shartnomasi yakuniga etgan ispan yarim himoyachisi 2004 yilda «Midlsbro»ga erkin agent sifatida o‘tib ketgandi.
3.Xuan Sebastyan Veron (1999 yil. 30 million evro). «Jodugar» laqabi bilan ommaga tanilgan futbolchi 1999 yilda jamoaga qo‘shilgandi. U jamoa safida 2 yil harakatlandi va barcha yutuqlarda o‘z hissasini qo‘shdi. 2001 yilda «MYu»ga o‘tib ketgan futbolchi faoliyatining bir qiziq tomoni bor: u faoliyatini 3 marta yakunlashga ulgurdi. Boisi, u faoliyatini yakunlagach ham uni katta futbolga qaytara oladigan takliflar bo‘ldi. Argentinalik futbolchi faoliyatini oxirgi marta 2017 yil 42 yoshida yakunlagandi. Veron yaqin orada yana futbolga qaytib qolsa, ajablanmang.
Bundan tashqari, Kristian Veri, Yap Stam, Sinisha Mixaylovich, Stefano Fore va Klaudio Lopez singari futbolchilar ham o‘z davrining qimmat xaridlari qatorida turgan. E’tiborlisi, qudrati «Latsio»dan bir necha bor kattaroq bo‘lgan «Yuve» va Milan klublari ham o‘sha davrlarda bunaqa katta summalarni tez-tez ishlatishmasdi. Yuqorida aytilganidek, transferlar uchun «Cirio» kontserni sarflagan katta pullar rimliklarni bir necha yil mobaynida muvaffaqiyatga erishishini ta’minladi, xolos. Alaloqibat, «ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmagan» homiy ham, klub ham inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. «Burgutlar»ning eng yuksak parvozi shu taxlid aykunlanib, o‘rtamiyona jamoaga aylanib qolishgandi. Mana oradan 14 yil o‘tdi, ammo haligacha klub o‘sha darajasini topa olmayapti.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.asia

Italiya A Seriya, krespo, latsio, veron

05.08.2019, 19:52 96 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish