Superliga 15-tur ramziy terma jamoasi

“Penalti.asia” sportga ixtisoslashgan axborot portali o‘z tasnifiga ko‘ra O‘zbekiston Superligasi 15-turining ramziy terma jamoasini e’lon qiladi.
Bu galgi jamoa 4-3-3 taktik sxemasi asosida shakllantirildi.
Darvozabon roliga «Paxtakor» kiperi Eldor Suyunov tanlandi. Boisi, posbon «Qizilqum» maydonidagi bahsda o‘z postini ishonchli qo‘riqlagani holda quruq o‘yin o‘tkazdi. U o‘z darvozasi tomon yo‘llangan 3 ta kuchli va murakkab zarbalarni bartaraf eta oldi.
Markaziy himoya juftligi ham musobaqa karvonboshisi tarkibidan tanlandi. Sababi shundaki, Krimets va Simichlar nafaqat himoyada, balki hujumda ham yaxshi tandem hosil qila olishlarini isbotlashdi. 5:0 hisobi bilan yakunlangan uchrashuvda bittadan gol urishdi. Bundan tashqari, bir-birining goliga hammualliflik ham qilishdi.
«Bunyodkor»ning «Surxon»ga qarshi uchrashuvida har ikkala qanot himoyachilari ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Jumladan, butun bahs mobaynida chap qanotda faol bo‘lgan Sanjar Qodirqulov yakunda gol ham kiritdi.
Qo‘qonliklar sardori Murod Xolmuhammedov «So‘g‘diyona»ga mag‘lubiyatga uchralgan o‘yinda ham o‘z faolligi bilan ajralib turdi. U penaltidan bitta gol kiritishga ham ulgurdi.
«Qo‘qon 1912» jamoasiga g‘alaba golini esa chempionatimiz faxriysi, gruziyalik universal futbolchi Kaxi Maxaradze kiritishni uddaladi.
«Bunyodkor» yosh tarkibi bilan judayam yorqin o‘yinlar ko‘rsatmoqda. Jamoa o‘yini esa tajribali Lutfullo To‘raev maydon markazidan boshqarib turadi. Mazkur turda ham o‘zining kreativligi bilan boshqa jamoadoshlaridan ajralib turdi. Oston O‘runov ham yangi jamoasi trkibiga to‘liq moslashib ketganligi ko‘rinmoqda. Iqtidorli futbolchi Samvel Babayan jamoasidagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi.
«Surxon» bilan uchrashuvda Vadim Abramov Javohir Qahramonovni zahiradan maydonga tushirdi. Ushbu o‘zgarish uchrashuv natijsini belgilab berdi. Dastlab,hisobni ochgan futbolchi keyingi ikki golga hammualliflik ham qildi. Javohir qanotdagi reydlari bilan raqib himoyachilariga tinchlik bermaganini ham ta’kidlash kerak.
Mazkur turda ikki nafar hujumchi dublni rasmiylashtirdi. Sergeev va Bahodir Pardaev to‘p kiritgan bahslarda ularning jamoalari muvaffaqiyat qozondi.
Ramziy jamoa murabbiyi sifatida «sherlar» ustozi Shota Arveladze tanlab olindi. U shogirdlari bilan «Qizilqum» maydonidan yirik g‘alaba bilan ortga qaytdi.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.asia

15-tur, Cocacola Superliga, Ramziy terma jamoa

01.08.2019, 14:22 82 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish