Superliga 14-tur ramziy terma jamoasi

“Penalti.asia” sportga ixtisoslashgan axborot portali O‘zbekiston Superligasi 2-davrasidan e’tiboran o‘z tasnifiga ko‘ra tur ramziy terma jamoalarini e’lon qilishni boshlaydi.
Dastlab, ikkinchi davraga 14-tur o‘yinlari orqali 26-27 iyul kunlari start berildi. Tur ramziy terma jamoasi 3-4-3 taktik sxemasi asosida tuzildi.
Ramziy jamoa darvozaboni roliga «Qizilqum» davozaboni Evgeniy Cheremisin loyiq ko‘rildi. Gap shundaki, mazkur turda «Qizilqum» Namanganga safar uyushtirdi va minimal hisobdagi g‘alabaga erishdi. Shu kuni rossiyalik posbon o‘z jamoasini bir necha bor muqarrar gollardan qutqarib qoldi. Mezbonlar hujumchisi Aleksandr Kasyan bilan duellarda har gal navoiyliklar posboni g‘olib chiqdi. «Navbahor» maydonida quruq o‘yin o‘tkazish qanchalik qiyinligini esa hammamiz yaxshi bilamiz.
Mudofaa chizig‘i vakillari sifatida «Nasaf»dan G‘olib G‘aybullaev, «Metallurg»dan Shavkat Mullajonov va «Paxtakor» vakili Marko Simichlar tanlandi. Yuqorida nomi qayd etilgan har uchchala himoyachi mazkur turda o‘z nomlariga gol yozdirib qo‘ya olishdi. Shunday qilib, bu himoyachilar nafaqat orqa chiziqda, balki jamoa hujumlaridagi faolligi evaziga o‘z klublarining muvaffaqiyatini ta’minlashdi.
14-turda yarim himoyachilar juda faol bo‘lishdi. «Dinamo» jamoasiga qarshi kechgan bahsda «Bunyodkor» vakili Xurshid G‘iyosov jamoadoshi Mirjahon Mirahmadovning goliga yordamlashishdan tashqari o‘zi ham dubl qayd etdi va haqli ravishda ramziy jamoadan o‘rin egalladi. Musobaqa karvonboshisining «Qo‘qon 1912» klubiga qarshi kechgan uchrashuvida har doimgidek Jaloliddin Masharipov mezbonlar safida ajralib turdi. Xorazmlik futbolchi o‘yinda hisobni ochganidan keyin ikki bor jamoadoshlarining gol urishi uchun imkoniyat hozirlab berdi.
Tur doirasida «Buxoro» klubi «Andijon» maydoniga safar uyushtirdi. Mezbonlar o‘yindagi ustunlikni hisobga ko‘chirishga qiynalib turgan pallada zahiradan maydonga qo‘shilgan Oybek Qilichev dastlabki urinishidayoq to‘pni jarimadan darvozaga joylab qo‘ydi. Shunday qilib, o‘z jamoasining g‘alabasi uchun zamin hozirladi.
Ramziy jamoga kiritilganlar orasidan faqat «Dinamo» a’zosi Ixtiyor Toshpo‘latovgina jamoasi mag‘lubiyatga uchragan futbolchilar orasidan tanlab olindi. Boisi, poytaxtga safar qilgan Davron Fayziev shogirdlarining har ikkala goliga shu futbolchi mualliflik qildi.
Hujumchilardan «qaldirg‘ochlar» forvardi Mirjahon Mirahmadov «Dinamo» darvozasiga ikki gol kiritgani uchun tanlab olindi. Shoxruz Norxonov esa Jizzaxda amaldagi chempionga qarshi kechgan bahsning qahramoniga aylandi. Uning goli evaziga 8-o‘rinda kelayotgan «So‘g‘diyona» bir pog‘ona yuqoriladi.
Yana bir qahramon «Qizilqum»ning yangi futbolchisi gruziyalik Mate Vatsadze bo‘ldi. U 3-o‘rinda borayotgan «Navbahor» darvozasini ishg‘ol etgani holda mezbonlarni 5-o‘ringa tushirib yubordi.
Ramziy jamoa murabbiyi sifatida esa «So‘g‘diyona» ustozi Ulug‘bek Baqoev tanlab olindi. Zero, u Samvel Babayan boshchiligidagi «Lokomativ»ni mag‘lub etgani holda joriy mavsum chempionlik kurashiga amalda nuqta qo‘ygan bo‘lsa, ajab emas.
Faxriddin Ro‘ziev tayyorladi
Manba:Penalti.asia

14 tur, Cocacola Superliga, Jaloliddin Masharipov, simich

27.07.2019, 23:55 71 0

Fikringizni bildirishingiz uchun saytdan ro'yhatdan o'tigan yoki profilga kirgan bo'lishigiz kerak
×Yopish